Bosh sahifa /  Yangiliklar /  «Xalqimiz barcha yutuqlarimiz ijodkori va yaratuvchisidir» — Shavkat Mirziyoyev
«Xalqimiz barcha yutuqlarimiz ijodkori va yaratuvchisidir» — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi nutqidan iqtiboslar.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni davlat mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan marosimlarda ishtirok etdi. Davlat rahbarining chiqishlaridan asosiy iqtiboslarni keltirib o‘tamiz.

O‘z taqdirining egalari

«Yigirma olti yil muqaddam Birinchi Prezident, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi. Jonajon Vatanimizning ko‘p ming yillik tarixida yangi davr — erkinlik va ozodlik, milliy tiklanish va taraqqiyot davri boshlandi. Biz bugun xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olgan, istiqlol yillarida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli yo‘limizni sarhisob qilar ekanmiz, tarixan qisqa bir davrda o‘z taqdirimizni o‘zimiz hal etish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash, milliy davlatchiligimizni, azaliy qadriyat va urf-odatlarimizni, muqaddas dinimizni tiklash, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritganimizni faxr bilan tilga olamiz».

«Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi lozim»

«Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. …Harakatlar strategiyasida „Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak“ degan tamoyil davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani albatta bejiz emas… Bugungi kunda barcha bo‘g‘indagi hokimlar, vazirlik va idoralar, prokuratura, sud-huquq va ichki ishlar organlari rahbarlari, deputat va senatorlar bevosita joylarga chiqib, o‘z faoliyati bo‘yicha xalq oldida hisobot bermoqda. Mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, odamlarning hayotiy muammolarini o‘rganmoqda, ularni qonuniy asosda hal qilish uchun amaliy yordam ko‘rsatmoqda».

«Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi»

«Qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirishda an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, dehqonlar daromadini ko‘paytiradigan, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni yetishtirishga investitsiyalar jalb qilinayotgani sizlarga yaxshi ma’lum. Mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlash maqsadida „Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi“ degan tamoyildan kelib chiqib, bugungi kunda yurtimizda ishbilarmonlik va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Eng muhimi, bu soha ming-minglab fuqarolarimiz, avvalo, yoshlarimiz uchun halol mehnat qilib, daromad topish, el farovonligini oshirishda mustahkam zamin bo‘layotgani barchamizni xursand qiladi».

Ijtimoiy sohalardagi vaziyatlarni o‘nglash

«Ijtimoiy sohalar, ayniqsa, odamlarda eng ko‘p e’tiroz uyg‘otayotgan sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, tabiiy gaz va elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti, kommunal xizmat, yo‘l qurilishi sohalarida mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish, ichki ishlar idoralarining faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlardan ham albatta xabardorsiz… Insonlarning dardu tashvishini o‘ylab yashash biz uchun odamiylikning eng oliy mezoni, eng muhim vazifa bo‘lib qolishini alohida ta’kidlamoqchiman. Aholimizning ana shunday tabiiy istak va talablarini bajarish barcha rahbar va yetakchilarning asosiy burchi va vazifasiga aylanishi shart».

Barkamol avlodni tarbiyalash

«Mamlakatimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, bu yo‘lda bor bilim va salohiyatini safarbar etishga qodir bo‘lgan, azmu shijoatli yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazish — biz uchun eng muhim masaladir. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘zining amaliy faoliyati bilan barchamizning, birinchi navbatda, yoshlarimizning umidlarini albatta oqlaydi, deb ishonamiz. Bugungi davr talabi, xalqimizning xohish va istaklarini inobatga olib, ilm-fan, ta’lim-tarbiya tizimida ham jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Maktab ta’lim tizimi tubdan o‘zgartirilib, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim qayta tiklanmoqda. Mamlakatimizning qator hududlarida yangi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy va ijodiy markazlar tashkil etilmoqda. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada kengaytirildi. Sirtqi va kechki oliy ta’lim shakllari tiklanmoqda. Shuningdek, bu borada bizni eng ko‘p o‘ylantirayotgan masalalardan biri — maktabgacha ta’lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Maqsadimiz kelgusi 3−4 yilda mamlakatimizdagi bog‘cha yoshidagi bolalarni ana shunday ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olishdan iborat va biz bunga albatta erishamiz. Ushbu maqsadda ayni kunlarda maxsus davlat dasturi tayyorlanmoqda».

Yo‘ldan adashganlarga yordam qo‘lini cho‘zish

«Respublikamizda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash, diniy ekstremizm va terrorizm xavfiga qarshi kurash olib borish bo‘yicha ishlar ham yangicha yondashuvlar asosida tashkil etilmoqda. Hayotda bilib-bilmay adashgan odamlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, kechirimli bo‘lish, ularni sog‘lom hayotga qaytarish masalalari ham diqqat markazimizda turibdi. Biz bir hayotiy haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak. Ya’ni xato qilgan, yo‘ldan adashgan odamni „yomon“ deb chetga surib qo‘ysak, u yomon bo‘lib qolaveradi. Yomonni yaxshi qilish, uni do‘stga aylantirish — bu faqat sog‘lom jamiyatning qo‘lidan keladi. Jamiyatimizda sog‘lom fikr, sog‘lom kuch ustuvor bo‘lishi uchun biz ma’naviy hayotimizni yuksaltirish, aholi, avvalo yoshlarimizni turli zararli ta’sirlardan asrash, ularni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash haqida muntazam o‘ylashimiz, faol ish olib borishimiz zarur».

«Bular boshlangan islohotlarning faqat bir qismi»

«Ayni vaqtda bunday keng ko‘lamli ishlarimiz biz boshlagan islohotlarning faqat bir qismi, dastlabki qadamlar ekanini ta’kidlash lozim. Oldimizga qo‘ygan yuksak maqsad va rejalarimizni real natijaga aylantirish uchun hammamiz bor kuch va bilimimizni ayamasdan, fidokorona va vijdonan mehnat qilishimiz, tashabbus ko‘rsatib ishlashimiz zarur. Shuning uchun ham, kelgusi ikki yil bizning faoliyatimizda favqulodda safarbarlikni talab etadigan davr bo‘ladi va bu vazifani barchamiz sidqidildan bajarishni ta’minlashimiz albatta lozim. Xalqimiz bizdan shuni kutyapti. Bu borada, ayniqsa, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini oshirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi… Bugun biz mamlakatimizni har tomonlama modernizatsiya qilish, tarkibiy o‘zgarishlar va demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash bo‘yicha ulkan ishlarni boshlagan ekanmiz, ularni amalga oshirish tashqi omillarga ham bog‘liq ekanini yaxshi tushunamiz… Shu yuksak minbardan turib, barcha yutuqlarimiz, buyuk kelajagimiz ijodkori va bunyodkori bo‘lgan mard va olijanob, mehnatkash va tanti xalqimizga ta’zim qilaman».

Orqaga Chop Etish  132 |   02-09-2017




– Ishonch telefoni

(0-365) 222-22-22

Reglament
– Ish tartibi

Ish vaqti: 9:00 – 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha
Dam olish kuni: shanba va yakshanba

Reglament
– Viloyat hokimligining umumiy bo`limi

(0-365) 223-68-47

Reglament
search – Qidirish
– Murojaatlar statistikasi
  • Jami murojaatlar: 53
  • Ko`rib chiqilmagan: 14
  • Ko`rib chiqilmoqda: 5
  • Ko`rib chiqilgan: 34

23-10-2017
– Yangiliklarga yozilish
– Ishonch telefoni murojaatlar statistikasi
Jami murojaatlar – 1813

Baholar

A`lo: 503

Yaxshi: 354

Qoniqarli: 315

Qoniqarsiz: 641

– Ishonch telefon murojaatlar javoblari statistikasi
Jami murojaatlar – 1916.8
Ko'rib chiqilmoqda – 230
Javob berilgan – 1686.8
– Saytni ishlashini baholang
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida o'tkaziladigan
QABUL KUNLARI
Viloyat Hokimi O'.I.Barnoev Juma va shanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat prokurori B.B.Valiev Seshanba va payshanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i S.H.Aliev Dushanba va chorshanba kunlari soat 14.00-16.00
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Saytda foydalanuvchilar soni: 9 ta

navigation