Bosh sahifa /  Yangiliklar /  «Ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, qat’iy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz»
«Ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, qat’iy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz»

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi. «Gazeta.uz» davlat rahbari nuqtini bir oz qisqartirgan holda havola etmoqda.

Mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirish

Bugungi kunda O‘zbekiston jadal rivojlanmoqda. Biz ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, teran anglagan holda, qat’iy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘lidan bormoqdamiz.

Jamiyatimizda siyosiy faollik ortib bormoqda, barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Ulardan ko‘zlangan maqsad — «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan oddiy va aniq-ravshan tamoyilni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishdan iborat.

Umumxalq muhokamasidan so‘ng besh yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Bu strategiyani ishlab chiqishda biz o‘zimizga chetdan nazar tashlab, salohiyat va imkoniyatimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik.

Xalq hokimiyatini nomiga emas, amalda joriy etish

2017 yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi.

Bizning maqsadimiz — yurtimizda xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashdan iborat.

Ishonchimiz komil: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Mamlakatimizning barcha hududlarida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar bir milliondan ortiq fuqarolarimiz bu qabulxonalar orqali o‘zlarining dolzarb muammolarini hal qildi.

O‘tmish qoldiqlaridan voz kechish

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari janob Al-Husaynning tashrifi yakunlari bo‘yicha inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

Odamlarning erkin harakat qilishini cheklaydigan xorijga chiqish vizalari singari umrini mutlaqo o‘tab bo‘lgan o‘tmish qoldiqlari bekor qilindi.

Inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqotimiz faollashib bormoqda.

Insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, shaxsni qamoqda saqlash bilan bog‘liq ko‘plab holatlar qayta ko‘rib chiqildi.

Ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolar ijtimoiy reabilitatsiya qilinmoqda, ularni sog‘lom hayotga qaytarish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Endilikda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi barcha huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati parlament va fuqarolar tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.

Mamlakatimizda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining roli ortib bormoqda, sud organlarining chinakam mustaqilligi ta’minlanmoqda.

Ommaviy axborot vositalarining o‘rni sezilarli darajada ortib bormoqda.

Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi

Iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning eng muhim yo‘nalishlaridir.

Biz oddiy bir xaqiqatdan kelib chiqmoqdamiz: xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi.

O‘zbekiston shu oyning boshidan milliy valyutani erkin konvertatsiya qilish tizimiga to‘liq o‘tdi. Bu borada aholi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rildi.

Mamlakatimizda ilk bor tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Ombudsman instituti joriy etildi. Biznes sohasidagi soliqlar sezilarli ravishda qisqartirildi, kredit olish imkoniyatlari kengaytirildi.

Yangi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi, ularda investorlarga keng imtiyozlar yaratib berildi.

Xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, biz Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini yangitdan tikladik.

BMTni bosqichma-bosqich isloh etish

Biz qat’iy ishonamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bundan keyin ham xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi o‘rin tutadi.

O‘zbekiston ushbu tashkilotning bosqichma-bosqich isloh etilishi tarafdoridir. Biz Xavfsizlik Kengashini bugungi kun talablariga mos ravishda kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi rahbariyati tomonidan tashkilotni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ishontirib aytmoqchiman, O‘zbekiston BMTning tuzilmalari bilan hamkorlikni bundan keyin ham izchil davom ettiradi.

Biz janob Bosh kotib Antoniu Guterrishning yaqinda O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan «yo‘l xaritasi"ning amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘ramiz.

Tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish — Markaziy Osiyo

O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu — har tomonlama chuqur o‘ylab tanlangan yo‘ldir.

Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir.

Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo — biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir.

O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdoridir.

Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz.

Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli keyingi oylarda mintaqamizda siyosiy ishonch darajasi sezilarli darajada oshdi. Ko‘plab masalalar bo‘yicha prinsipial jihatdan muhim yechimlar topishga erishildi.

Sentyabr oyining boshida O‘zbekiston — Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi tom ma’noda muhim voqea bo‘ldi.

Tomonlar o‘z siyosiy irodasini, o‘zaro maqbul qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini namoyon etgani tufayli o‘tgan yigirma olti yil davomida birinchi marta ushbu g‘oyat nozik masala bo‘yicha katta natijaga erishildi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratishga erishildi.

Bu tendensiyaning mustahkamlanishi Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari muntazam uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratgan bo‘lur edi, deb hisoblayman.

Biz noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkaziladigan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro anjumanda mintaqadagi fundamental muammolarni muhokama qilishni rejalashtirganmiz.

Ushbu anjuman yakunida biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini kiritishni mo‘ljallaganmiz.

Suv masalasi

Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, mintaqaning umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish kabi muhim masalani chetlab o‘tolmaymiz.

BMT Bosh kotibining «suv, tinchlik va xavfsizlik muammolari o‘zaro chambarchas bog‘liq», degan pozitsiyasini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ishonchim komil, suv muammosini hal qilishning mintaqa mamlakatlari va xalqlari manfaatlarini teng hisobga olishdan boshqa oqilona yo‘li yo‘q.

O‘zbekiston BMTning preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri — Orol halokatiga yana bir bor e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Mana, mening qo‘limda — Orol fojiasi aks ettirilgan xarita. O‘ylaymanki, bunga ortiqcha izohga hojat yo‘q.

Dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etmoqda.

Biz BMT tomonidan Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha shu yil qabul qilingan maxsus dastur to‘liq amalga oshirilishi tarafdorimiz.

Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot

Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti bo‘lib qoladi.

Aminmizki, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir.

Muzokaralar afg‘onistonliklarning o‘zlari hal qiluvchi o‘rin tutadigan holda, Afg‘oniston hududida va BMT shafeligida o‘tishi lozim. Donishmand afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishga haqlidir.

AQSH Prezidenti janob Donald Tramp ma’muriyatining Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlarni afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashishga oid da’vatini qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga, uning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarini tayyorlashga katta hissa qo‘shmoqda va bundan keyin ham hissa qo‘shadi.

Afg‘oniston masalasi global miqyosdagi masalalar markazida bo‘lishi lozim. Xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlari, birinchi navbatda, Afg‘onistondagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerak.

Bu jafokash yurtda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish yo‘lidagi bizning umumiy qat’iy harakatlarimiz aslo susaymasligi lozim.

Terrorizmga qarshi kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamadi

Dunyoda terrorizm tahdidlari ayniqsa, so‘nggi yillarda kuchayib borayotgani ularga qarshi asosan kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamayotganidan dalolat beradi.

Bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinmoqda. Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman.

Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir.

Ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda.

Bugungi dunyo yoshlari — son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda.

Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq.

Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi «virusi» tarqalishining oldini olishdir.

Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etadi.

Bizning nazarimizda, mazkur hujjatni imzolaydigan davlatlar ushbu sohani o‘z ijtimoiy siyosatining asosiy va muhim hayotiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tarish bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi kerak.

«Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka da’vat etadi»

Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz.

Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.

Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi.

Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman.

Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan «Sahihi Buxoriy"ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan.

Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifatiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildik.

Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi.

Bugungi sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qilmoqchiman.

Bu hujjatning asosiy maqsadi — barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat.

Ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan.

O‘zbekiston muloqotlar uchun ochiq

O‘zbekiston hech qanday blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolgan holda, ochiq muloqotga tayyordir. Biz barcha sheriklarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.

Biz mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashdan iborat bo‘lgan eng muhim ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning hal qiluvchi sharti aynan shunda mujassam, deb bilamiz.

 

 

Orqaga Chop Etish  231 |   20-09-2017




– Ishonch telefoni

(0-365) 222-22-22

Reglament
– Ish tartibi

Ish vaqti: 9:00 – 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha
Dam olish kuni: shanba va yakshanba

Reglament
– Viloyat hokimligining umumiy bo`limi

(0-365) 223-68-47

Reglament
search – Qidirish
– Murojaatlar statistikasi
  • Jami murojaatlar: 55
  • Ko`rib chiqilmagan: 16
  • Ko`rib chiqilmoqda: 5
  • Ko`rib chiqilgan: 34

15-12-2017
– Yangiliklarga yozilish
– Ishonch telefoni murojaatlar statistikasi
Jami murojaatlar – 1813

Baholar

A`lo: 503

Yaxshi: 354

Qoniqarli: 315

Qoniqarsiz: 641

– Ishonch telefon murojaatlar javoblari statistikasi
Jami murojaatlar – 1916.8
Ko'rib chiqilmoqda – 230
Javob berilgan – 1686.8
– Saytni ishlashini baholang
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida o'tkaziladigan
QABUL KUNLARI
Viloyat Hokimi O'.I.Barnoev Juma va shanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat prokurori B.B.Valiev Seshanba va payshanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i S.H.Aliev Dushanba va chorshanba kunlari soat 14.00-16.00
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Saytda foydalanuvchilar soni: 8 ta

navigation